Omonatlarni kafolatlash agentligi jahon miqyosidagi SupTech yo'nalishida nufuzli kompaniya vakillari bilan uchrashdi
Joriy yilning 5-avgust kuni Omonatlarni kafolatlash agentligida Agentlik Bosh direktori Ulug‘bek Hamdamov hamda Regnology xorijiy kompaniyasi vakillari – Garreth Scott va Michal Piechocki ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv omonatlarni kafolatlash tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tendensiyalarni o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida omonatlarni kafolatlash tashkilotlari faoliyatida qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli yechimlar hamda boshqaruv platformalari taqdim etildi. Xususan, a’zo banklardan ma’lumotlarni yig‘ish va sifatini avtomatik tekshirish, omonatchilar reyestrini yuritish, kompensatsiya to‘lovlari jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish, risklarni monitoring qilish hamda moliyaviy xavfsizlik tarmog‘i ishtirokchilari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Agentlik tomonidan mazkur texnologik yechimlarning funksional imkoniyatlari, ularni amaliyotga joriy etish tajribasi hamda O‘zbekiston omonatlarni kafolatlash tizimida qo‘llash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi transformatsiya jarayoni doirasida xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni tahlil qilish hamda ularni milliy omonatlarni kafolatlash tizimida qo‘llash imkoniyatlarini baholash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.