Omonatlarni kafolatlash agentligi vakillari Omonatlarni sug'urtalovchilar xalqaro assotsiatsiyasi (IADI) Yevroosiyo mintaqaviy qo‘mitasi (EARC) yillik yig‘ilishi va tajriba almashish seminarida ishtirok etdi

2026-yil 2–4-iyun kunlari Omonatlarni kafolatlash agentligi mutaxassislari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Omonatlarni kafolatlovchilar xalqaro assotsiatsiyasi (IADI) Yevroosiyo mintaqaviy qo‘mitasi (EARC) yillik yig‘ilishi va tajriba almashish seminarida qatnashdi.

photo2026-06-1214-56-21-3.jpg

Tadbirning birinchi kunida Agentlik vakillari tomonidan bank tugatilishi holatida omonatchilarga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha amaliy tajriba taqdim etildi.

Taqdimot davomida Agentlik tomonidan agent-bank bilan hamkorlikda joriy etilgan, omonatchilarga kompensatsiyalarni mobil ilova orqali masofadan turib olish imkonini beruvchi mexanizm haqida ma’lumot berildi. Xorijiy hamkorlar ushbu amaliyotni omonatchilar uchun qulay va zamonaviy yechim sifatida baholab, tajribani batafsil o‘rganishga qiziqish bildirdi.

photo2026-06-1214-56-21.jpg

Tadbirning ikkinchi kuni tashkil etilgan tajriba almashish seminarida Qozog‘iston, Turkiya, Gruziya, Keniya va Nigeriya vakillari moliyaviy xavfsizlik tarmog‘i ishtirokchilari o‘rtasida o‘z vaqtida va ishonchli axborot almashishning moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati yuzasidan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

photo2026-06-1214-56-21-4.jpg

Shuningdek, ishtirokchilar kafolatlash hodisalarini erta aniqlash va oldini olish bo‘yicha real vaziyatlar asosida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Unda omonatchilar manfaatlarini himoya qilish va moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar muhokama qilindi.

photo2026-06-1214-56-21-2.jpg

Tadbir davomida Tojikiston, Turkmaniston va Nigeriya omonatlarni kafolatlash institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

 

photo2026-06-1214-56-22.jpg

Xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish O‘zbekistonning omonatlarni kafolatlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, omonatchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.