RASMIY BAYONOT

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq “YANGI BANK” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Mazkur qaror bilan bank faoliyatini majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, tugatish komissiyasining tarkibi tasdiqlandi. Qonunchilikka muvofiq, mazkur holat kafolatlash hodisasi hisoblanadi. Hozirda bankni tugatish bilan bog‘liq jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining banklardagi 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatlari davlat tomonidan kafolatlanadi va ushbu mablag‘lar kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Omonatlarni kafolatlash agentligi mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda to‘lab beriladi. Belgilangan kafolat miqdoridan ortiq bo‘lgan omonat qismi esa qonunchilikda belgilangan tartibda bankni tugatish jarayonida ko‘rib chiqiladi.

Qonunchilik talablariga muvofiq, Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran 15 ish kuni ichida omonatchilarning kamida to‘rtdan uch qismi uchun kompensatsiya to‘lovlarini olish imkoniyati yaratilishi belgilangan.

Mazkur jarayon quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

- tugatuvchi (tugatish komissiyasi) kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 8 ish kuni ichida tugatilayotgan bank omonatchilar va kafolatlash obyektlari reyestrini, bankning omonatchilar oldidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek kafolatlash obyektlari egalari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar, jumladan ta’minot sifatida berilgan, xatlangan, sud nizosi predmeti bo‘lgan yoki uchinchi shaxslar foydasiga rasmiylashtirilgan obyektlar haqidagi axborotni Agentlikka taqdim etadi;

- navbatdagi 2 ish kuni ichida Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish muddati, joyi va usuli, shuningdek kompensatsiyalarni olish uchun omonatchilar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan shartlar to‘g‘risidagi axborotni ommaviy axborot vositalari hamda rasmiy veb-saytda joylashtiradi.

Omonatlarning kafolatlangan qismi bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda amalga oshirish maqsadida agent-bank etib Biznesni rivojlantirish bankiaksiyadorlik tijorat banki belgilandi.

Agent-bank qonunchilik talablariga muvofiq holda moliyaviy barqarorlik, kapital yetarliligi, hududiy infratuzilma va kompensatsiya to‘lovlarini tashkil etish bo‘yicha texnik hamda tashkiliy salohiyat mezonlari asosida tanlab olindi.

Agent-bank Omonatlarni kafolatlash agentligi nomidan ish yuritadi hamda omonatchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda identifikatsiya qilgan holda kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshiradi.

Omonatchilar kompensatsiya to‘lovlarini bankning mobil ilovasi orqali onlayn tarzda, bank xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda naqd pul shaklida hamda boshqa hisobvaraqqa pul ko‘chirish yo‘li bilan olish imkoniyati yaratilgan.

Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlari quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

·     dastlabki bosqichda “BRB” mobil ilovasi yuklab olinadi va belgilangan tartibda identifikatsiyadan (ro‘yxatdan) o‘tiladi;

·     kompensatsiya to‘lovlari boshlangan sanadan (taxminiy sana
2026-yil 28-yanvar) “BRB mobil ilovasining “Omonatlarni kafolatlash agentligi “YANGI BANK” AJ omonatchilariga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish” bo‘limi (banner) orqali reyestrdagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishtiriladi;

·     shundan so‘ng, omonat hisobvarag‘ini ochish uchun identifikatsiyadan o‘tiladi va kompensatsiya mablag‘lari omonatchining hisobvarag‘iga tushiriladi;

·     omonat hisobvarag‘iga tushirilgan mablag‘larni boshqa bank kartasiga o‘tkazish yoki agent-bankning hududlardagi istalgan bank xizmatlari markazlaridan naqd pul shaklida olishlari mumkin.

Eslatma: omonatchilar kompensatsiya to‘lovlarini
agent-bankning hududlardagi istalgan bank xizmatlari markazlaridan naqd pul shaklida olish uchun:

·     shaxsni tasdiqlovchi hujjat asli bilan shaxsan bank xizmatlari markaziga tashrif buyurishi;

·     yoki o‘z vakili orqali olish istagi bo‘lsa notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan olishi mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga kompensatsiya to‘lovlari “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning hududlardagi bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurish orqali mazkur bankning o‘zida hisobvaraq ochish yoki boshqa bankdagi hisobvaraqqa pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Shuningdek, omonatchilar o‘z xohishiga ko‘ra mablag‘larini agent-bankning omonat mahsulotlariga joylashtirishi ham mumkin.

Kerakli hujjatlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun:

- YaTT egasining pasporti yoki ID kartasi;

- davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi guvohnoma;

- boshqa bankdagi hisobvaraq rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumot;

- muhri (agar mavjud bo‘lsa).

Yuridik shaxslar uchun:

- korxona rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (passport yoki ID-karta);

- korxona rahbari sifatida ishga qabul qilinganligi to‘g‘risida buyruq yoki vakil bo‘lsa ishonchnoma;

- davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi guvohnoma;

- imzo na’munalari (agar mavjud bo‘lsa);

- ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi, ustav);

- boshqa bankdagi hisobvaraq rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumot;

- tashkilot muhri.

Eslatma: agent-bank tomonidan qonunchilikka muvofiq zaruratga ko‘ra qo‘shimcha hujjatlar so‘ralishi mumkin.

Bilish muhim: kompensatsiya to‘lovlarini olish uchun omonatchilardan hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab etilmaydi.

Omonatlar bo‘yicha to‘lovlar uch toifaga bo‘lingan holda amalga oshiriladi:

birinchi toifa – bank oldida majburiyatlari mavjud bo‘lmagan va qonunchilikda belgilangan cheklovlar qo‘llanilmagan kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari to‘liq va uzluksiz ravishda amalga oshiriladi.

ikkinchi toifa – omonatchilar bilan tuzilgan shartnomalar hamda ularning bank oldidagi majburiyatlari batafsil tahlil qilinib, qonunchilikka muvofiq bankni tugatish komissiyasi xulosasi asosida kompensatsiya to‘lovlari belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

uchinchi toifa kafolatlanmagan omonatlar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda bankni tugatish jarayonida ko‘rib chiqiladi.

Jismoniy shaxslar “BRB” mobil ilovasi orqali identifikatsiyadan o‘tish jarayonida o‘zlari qaysi toifaga kiritilgani hamda omonatlari bo‘yicha to‘lovlar qaysi bosqichda amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga Omonatlarni kafolatlash agentligi xodimlari tomonidan telefon orqali o‘rnatilgan tartibda identifikatsiyadan o‘tkazgan holda ma’lumot berilishi ta’minlanadi.

Kompensatsiya to‘lovlarining barcha bosqichlari Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, omonatchilardan kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Jarayon davomida omonatchilarning huquqlari to‘liq himoya qilinishi ta’minlanadi.

Qonunchilikka muvofiq, omonatchilar agent-bank tomonidan kompensatsiya to‘lanishi asossiz kechiktirilganligi faktlari to‘g‘risida Omonatlarni kafolatlash agentligiga xabar berishlari mumkin.

Ayni vaqtda barcha jarayonlar qonunchilik talablariga muvofiq, reja asosida va belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda.

 

1-3.jpg

2-2.jpg

3-2.jpg

4-3.jpg

6-2.jpg

8-2.jpg

7-2.jpg