OKA vakillari Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro amaliy seminarda ishtirok etdi

2026-yil 23–25-iyun kunlari O‘zbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) vakillari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan omonatlarni kafolatlash tashkilotlari uchun amaliy seminarda ishtirok etdi. Seminarda Markaziy Osiyo va Yevroosiyo mintaqasidan tashrif buyurgan omonatlarni kafolatlovchi tashkilotlar vakillari qatnashdi.

  0624zasedanieeaes0124.jpg

Tadbir davomida banklarni sog‘lomlashtirish, tugatish va to‘lovga qobiliyatsizlikni tartibga solish hamda jarayonlarni raqamlashtirish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rganildi.

Banklarni to‘lovga qobiliyatsizligini tartibga solish

Seminarning birinchi sessiyasida banklarning to‘lovga qobiliyatsizligini tartibga solish bo‘yicha xalqaro standartlar – Moliyaviy barqarorlik kengashi (FSB) va Omonatlarni sug‘urtalovchilar xalqaro assotsiatsiyasi (IADI) talablari muhokama qilindi. Bankni sotish, o‘tish banki tashkil etish, aktivlarni ajratish va majburiyatlarni konvertatsiya qilish kabi mexanizmlarni qo‘llash amaliyoti ko‘rib chiqildi. 

 0623zasedanieeaes0198.jpg

Shuningdek, turli davlatlar qonunchiligidagi banklarni sog‘lomlashtirish choralari qiyosiy tahlil qilinib, asosiy yondashuvlar bir-biriga yaqin ekani qayd etildi.

Banklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va qayta tashkil etish

Ikkinchi sessiyada banklarni moliyaviy sog‘lomlashtirishda davlat ishtiroki mexanizmlari, majburiyatlarni qayta tashkil etish (bail-in) amaliyoti hamda bankrotlikning oldini olish doirasida vaqtinchalik ma’muriyat faoliyati ko‘rib chiqildi. Vaqtinchalik ma’muriyatni tayinlash tartibi, vakolatlari va faoliyat muddatlari batafsil yoritildi.

 0623zasedanieeaes0176.jpg

Banklar va moliya tashkilotlarini tugatish amaliyoti

Uchinchi sessiyada banklarni tugatish jarayonlarini tashkillashtirish, tugatish komissiyalari faoliyati hamda sud va huquqni qo‘llash amaliyotidan amaliy misollar taqdim etildi. Jumladan, banklarni nazorat qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish, shubhali bitimlarni haqiqiy emas deb topish va aktivlarni qaytarish bo‘yicha shakllangan tajriba muhokama qilindi. 

 0624zasedanieeaes0179.jpg

Qatnashchilar aktivlarni elektron savdo maydonchasi orqali sotish, mediativ kelishuvlar tuzish kabi mexanizmlar bilan tanishdi.

Jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirish

To‘rtinchi sessiya qo‘llab-quvvatlovchi jarayonlarni raqamlashtirishga bag‘ishlandi. Unda elektron hujjat aylanishi tizimlari, xarid jarayonlarini avtomatlashtirish, jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va investitsiyalarni hisobga olish bo‘yicha zamonaviy axborot tizimlari taqdim etildi. Ayrim tashkilotlarning sun’iy intellektga asoslangan yechimlari hamda ixtisoslashgan dasturiy ta’minoti alohida amaliy qiziqish uyg‘otdi.
0623zasedanieeaes0341.jpg

Seminar doirasida axborot texnologiyalari bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi ham o‘tkazilib, tashkilotlarning raqamli tizimlarini rivojlantirish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

 0623zasedanieeaes0243.jpg

Seminarda olingan bilim va amaliy tajribalar OKAning banklar to‘lovga qobiliyatsizligini tartibga solish, riskka asoslangan yondashuvlarni takomillashtirish hamda ichki jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha faoliyatini yanada rivojlantirishda qo‘llaniladi. Safar doirasida xorijiy hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalar ham mustahkamlandi.